Joriy yil oktyabr oyidan O‘zbekistonda farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli 738 ming 150 so‘mdan 811 ming 965 so‘mga oshirildi. Bu haqda O‘zbekiston mahallalar uyushmasi axborot xizmat xabar berdi.

Bu eng kam ish haqi miqdori ko‘tarilgani bilan bog‘liq. Ya’ni, 1 oktyabrdan mamlakatda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 million 155 ming so‘m etib belgilangan. “Suyunchi puli” miqdori shundan 70,3 foizini tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, hozirgi kunda O‘zbekiston hududida bazaviy hisoblash miqdori – 375 ming so‘m, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – 428 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya – 834 ming so‘m, nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – 920 ming so‘mni tashkil etadi.

Mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa – 920 ming so‘m, belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (834 000 so‘mdan) 920 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari – 920 ming so‘m etib belgilangan.

Zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa – 745 ming so‘m, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – 745 ming so‘mni tashkil etadi.

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA