Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev “Hyundai Rotem” kompaniyasining “Global Rail Group” rahbari Kvak Chol Xun boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar zamonaviy elektropoyezdlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasi yuzasidan fikr almashgan.
Jumladan, Janubiy Koreyaning KORAIL kompaniyasi tomonidan bugungi kunda ekspluatatsiya qilinayotgan elektropoyezdlar turini “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi” AJda mahalliylashtirish orqali ishlab chiqarish taklifi yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarish taklif qilinayotgan elektropoyezdlarning asosiy texnik xususiyatlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilgan.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar loyiha bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rganish, takliflarni tahlil qilish va yangi ishlab chiqarish hududlarini ko‘zdan kechirishni kelishib olishdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan tegishli shartnoma imzolagani va qariyb 200 million dollarga oltita tezyurar poyezd sotib olayotganini ma’lum qilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA