Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Sandra Sarjent boshchiligidagi Jahon banki delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda IT-ta’limni rivojlantirish, mamlakatning raqamli inklyuziyasini oshirish va IT-ta’lim dasturlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli masalalarga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan “Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasi muhokama qilindi. Ushbu loyiha mamlakatda raqamli inklyuziyani kengaytirish, ya’ni texnologiyalar va raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini aholi uchun kengroq ochib berishga qaratilgan.

Loyiha doirasida hududlar aholisining IT-texnologiyalarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli bo‘linishni kamaytirish, shuningdek, barcha ijtimoiy guruhlar uchun raqamli infratuzilmani rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Bu loyiha, avvalo, O‘zbekistondagi texnologik o‘zgarishlarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Mamlakat hududlarida internet va texnologiyalar bilan teng ta’minlanish darajasini oshirish orqali aholining turli qatlamlariga raqamli dunyodan foydalanish imkoniyatlarini yaratadi.

Uchrashuv davomida IT-ta’lim sohasidagi tashabbuslar muhim mavzulardan biri sifatida ko‘rib chiqildi. Tomonlar O‘zbekistonning IT-ta’lim sohasini kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalasini batafsil muhokama qildi.

Nigora Rahmonova, O‘zA