–
KXDR Janubiy Koreya bilan barcha yo‘llarni yopadi
KXDR armiyasi bosh shtabi 9 oktyabrdan boshlab mamlakatni “asosiy dushman” – Janubiy Koreya bilan bog‘lovchi barcha avtomobil va temir yo‘llar to‘sib qo‘yilishi hamda mudofaa istehkomlari mustahkamlanishini ma’lum qildi. To‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida ushbu qarordan Amerika qo‘shinlari ham xabardor qilindi, deyiladi Koreya Markaziy telegraf agentligi (KMTA) tomonidan e’lon qilingan Bosh shtab bayonotida.
Ta’kidlanishicha, “Dushman kuchlarining qarshi tahdidi tobora kuchayib, yarim oroldagi vaziyatni bashorat qilib bo‘lmaydigan holatga keltirmoqda. Janubiy Koreya hududida doimiy ravishda amalga oshirilayotgan tajovuzkor harbiy mashqlar esa chegaradan chiqib ketmoqda”.
Yaponiya hukumati parlament tarqatishini tasdiqladi
Yaponiya hukumati bugungi navbatdan tashqari yig‘ilishida parlamentni tarqatib yuborish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda “Kiodo” agentligi yozgan.
Hujjat Vazirlar Mahkamasining barcha a’zolari tomonidan imzolandi. Keyinroq parlamentda Bosh vazir Sigeru Isiba va muxolif partiyalar rahbarlari o‘rtasida munozara o‘tkazilishi kutilmoqda. Isiba 1 oktyabrda eng yuqori lavozimni egalladi va shu kuniyoq yangi hukumat tuzdi.
G‘arb AQSH saylovidan keyin Ukrainaning Rossiya hududiga
chuqur zarba berishiga rozi bo‘lishi mumkin
G‘arb Ukraina Qurolli kuchlariga Rossiya hududiga chuqur zarbalar berish uchun qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlaydi, biroq bu masala AQSHda bo‘ladigan prezidentlik saylovigacha kechiktiriladi. Kecha Oliy Rada Milliy xavfsizlik, mudofaa va razvedka qo‘mitasi raisi Yegor Chernyov shu mazmunda bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni qaror Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha “Ramshtayn” aloqa guruhi 12 oktyabr kuni o‘tkazadigan yig‘ilishda e’lon qilinishi mumkin.
Shu kuni ertalab Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina uzoq masofaga uchuvchi raketalarni ishlatish uchun G‘arbdan ruxsat olgani ma’lum bo‘lgach, Rossiyaning javob choralari darhol kuchga kirishini bildirdi.
Stubb Rossiya Finlyandiya va NATO uchun tahdidligini aytdi
Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb Rossiya o‘z mamlakati va NATO uchun tahdid ekanini ta’kidladi.
“Rossiya Ittifoq va Finlyandiya uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri va eng jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda”, dedi u NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan Bryusselda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.
Eslatib o‘tamiz, Finlyandiya NATOga 2023 yil 4-aprelda qo‘shildi.
Bolgariyada arxeologlar “xobbitlar dahasini” topdi
Bolgariya janubidagi Karjali viloyatida arxeologlar qazishma chog‘ida “xobbitlar dahasini” topdi, deya xabar tarqatdi mamlakat milliy radiosi.
Izlanish qadimgi Frakiya shahri Perperikon hududida olib borilmoqda. Topilmalar XIII-XIV asrlarga tegishli bo‘lib, majmua xuddi “Uzuklar hukmdori” filmidagi xobbitlar shahriga o‘xshaydi.
Qadimshunoslar ta’kidlashicha, bu joyda kambag‘al toifa yashagan. O‘sha payt mahalliy aholi taxminan 5 ming kishini tashkil etgan. Perperikon Vizantiya imperiyasining muhim markazi hisoblangan.
Sobiq Bosh vazir Eron yadroviy inshootlariga hujum qilishga chaqirdi
Isroil sobiq Bosh vaziri Naftali Bennet Yaqin Sharqdagi hozirgi vaziyatda Eronning yadroviy inshootlariga zarba berish uchun tarixiy sharoit yuzaga kelganiga ishonmoqda.
– Eronning yadroviy inshootlari va ayni yo‘nalishdagi rejimiga zarba berish vaqti keldi, – deb yozdi siyosatchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – Bu mamlakat yadroviy davlatga aylanishining oldini olish uchun so‘nggi va shu bilan birga, ehtimol, bir avlod uchun bir marta paydo bo‘ladigan imkoniyat. XAMAS va “Hizbulloh” tuzilmasi vaqtincha hamda jiddiy tarzda zaiflashdi.
Zelenskiy mojaroga barham berish bo‘yicha yondashuvini o‘zgartirishi mumkin
Kiyev ittifoqchilari Vladimir Zelenskiyning Ukrainadagi mojaroga barham berish shartlari bo‘yicha yondashuvi yumshashi mumkin, deb hisoblaydi. Bu haqda “Blumberg” agentligi NATOga yaqin noma’lum manbalarga tayanib yozgan.
– Ittifoqchilar payqayapti, – deyilgan xabarda. – Zelenskiy, ehtimol, Rossiya bilan mojaroni tugatish yo‘lini izlab, yanada moslashuvchan yondashuvga tayyorlanmoqda.
2023 yil sayyoramizdagi daryolar uchun so‘nggi o‘ttiz yilda eng quruq keldi
Jahon Meteorologiya tashkiloti (WMO)ning yangi hisobotida 2023 yil dunyo daryolari uchun oxirgi o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt davomidagi eng qurg‘oqchil mavsum bo‘lgani, suv resurslarining jiddiy taqchilligi kuzatilgani ta’kidlangan. Bu ma’lumot “BMT yangiliklari” saytida kelitirilgan.
Oxirgi besh yil daryolarga omborlardan suv kelishi kamaygan, daryolardagi oqim ham me’yordan past bo‘lgan. Natijada qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda foydalanish uchun mo‘ljallangan suv hajmi kamaygan.
Hozir 3,6 milliard kishi uchun oylik suv ta’minoti cheklangan. 2050 yilga kelib 5 milliard odam shunday ahvolga duch kelishi mumkin.
“Dunyodagi suv holati” hisobotida aytilishicha, muzliklar so‘nggi yarim asrda 600 gigatonnadan ko‘p suv yo‘qotgan. Ikki yildan buyon yer yuzining barcha mintaqalarida muz erishi kuzatilyapti.
S.Rahimov, O‘zA