Janubiy Koreya mudofaa vaziri Kim Yon Xyon Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi harbiy ittifoq mustahkamlanayotganidan xavotirda.

– Shimoliy Koreya askarlarini Rossiya qo‘shini tarkibida Ukraina bilan jang qilish uchun jo‘natmoqda, – deydi Seul mulozimi. – Rossiya va Shimol harbiy ittifoqchi sifatida bitim tuzgani sababli, bunday bo‘lish ehtimoli yuqori. Pxenyan juda ko‘p askarini frontga joylashtirishi mumkin.

Ma’lumki, RF va KXDR keyingi payt o‘zaro aloqani chuqurlashtirgan. Prezident Vladimir Putin iyun oyida 25 yil ichida birinchi marta ushbu davlatga bordi va ikki davlat o‘rtasida mudofaa to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

Sovuq urush davridan beri eng kuchli sheriklik belgisi sifatida namoyon bo‘lgan pakt, agar tomonlardan biri hujumga uchrasa, Moskva va Pxenyan o‘zaro harbiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

Bu ikki davlat rahbarlari do‘stlik ramzi sifatida bir-biriga tez-tez sovg‘a-salom yo‘llab turadi. Jumladan, yozdagi uchrashuvda Rossiya rahbari hamkasbiga bobosi Kim Ir Sen portretini sovg‘a qildi. Bunga javoban, o‘z portreti hamda sog‘liq tilaklari bitilgan byustni qabul qilib olgandi.

Biroz fursat o‘tib, Putin Kim Chen Inga 24 bosh Orlov otlarini ham jo‘natdi. Darvoqe, Shimol yetakchisi aynan shu zotni yoqtiradi.

Bu voqealar G‘arbda Shimoliy Koreyaning iqtisodiy yordam va texnologiya transferi evaziga Ukrainadagi urush uchun Moskvaga o‘q-dori berayotgani haqidagi xavotirni kuchaytirdi.

Koreya Respublikasi mudofaa tizimi boshlig‘i, shuningdek, Ukraina ommaviy axborot vositalarining Shimoliy Koreya askarlari Putinga qarshi kurashayotgan Kiyev qo‘shinlari tomonidan o‘ldirilgani haqidagi xabarlarini tasdiqladi.

Demak, Rossiya ham, Ukraina ham askar tanqisligiga duch kelganda xorijlik jangchilardan foydalanmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA