“Al-Qoida” terror tashkilotining sobiq yetakchisi, marhum Usama bin Lodinning to‘ng‘ich o‘g‘li Umar bin Lodinning Fransiyaga kirishi taqiqlandi. Bu haqda “Euro News” ushbu mamlakat ichki ishlar vaziri Bruno Retalloning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga tayanib yozgan.

Britaniya fuqaroligiga ega rafiqasi bilan ko‘p yildan buyon Normandiya viloyati Orn tumanida yashab kelayotgan Umar 2023 yil ijtimoiy tarmoqda “terrorizm tashviqoti” olib borgan. Natijada gubernator unga mamlakat hududini tark etishni buyurgan.

Retallo qayd etishicha, milliy xavfsizlik manfaatini ko‘zlab qabul qilingan va qonuniyligi sud tizimi tomonidan tasdiqlangan ushbu qaror Bin Lodinning Fransiyaga kirishini man etadi.

U 2016 yildan beri Ornda yashab, o‘tgan yil mamlakatni tark etgan.

Usama bin Lodin 2011 yil AQSH maxsus kuchlari tomonidan uning Abbotobod viloyati (Pokiston)dagi uyiga uyushtirilgan reyd chog‘i o‘ldirilgan.