Senat Raisi Tanzila Norboyeva “Xotira poyezdi” madaniy-ma’rifiy tadbirida ishtirok etgan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur loyiha 2022 yilda yo‘lga qo‘yilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni Ikkinchi jahon urushi tarixi bilan chuqurroq tanishtirish. Urushning dahshatlari haqida tushuncha va tasavvur hosil qilish hamda ajdodlarimizning qahramonliklarini yodda saqlash avlodlarning muqaddas burchi ekanini anglatishdan iborat.
Joriy yilning 20 iyunidan 5 iyuliga qadar tashkil qilingan “Xotira poyezdi” loyihasida O‘zbekistondan 15 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning ushbu loyihadan olgan taassurotlari va fikr-mulohazalari hamda mas’ullarning taklif-tavsiyalari eshitildi.
Senat Raisi T.Norboyeva Ikkinchi jahon urushida O‘zbekiston ishtirokining muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, mamlakatimiz hududida yashagan 6,5 million aholining 1,5 milliondan ortig‘i urushda ishtirok etgan. Ularning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lgan va 133 mingga yaqin yurtdoshimiz bedarak yo‘qolgan, 60 mingdan ortig‘i nogiron bo‘lib qaytgan.
Xalqimiz urush tufayli front hududlaridan ko‘chirib keltirilgan qariyb 1,5 million kishini o‘z birodarlaridek qabul qilgan. Ularning 250 mingdan ziyodi bolalar edi. Yuzlab o‘zbek oilalari evakuatsiya qilingan yetim bolalarni o‘z bag‘riga olgani, oxirgi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rgani insonparvarlikning chinakam namunasi bo‘ldi.
Xalqimizning Ikkinchi jahon urushi davrida frontda va front ortida ko‘rsatgan qahramonligi shu qadar yuksak bo‘lganki, bu shonli g‘alabani o‘zbek xalqisiz aslo tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Shu nuqtai nazardan Prezidentimiz tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini ulug‘lash maqsadida so‘nggi yillarda ko‘p ishlar qilindi.
Xususan, Toshkent shahrida “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi barpo etildi. Ushbu majmuadagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlari o‘rnatildi.
Bu yerdagi har bir ob’ekt, qurilma va eksponat xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni urushning dahshatli oqibatlarini hech qachon unutmaslikka, bugungi tinch va osuda hayot, mustaqillikning qadriga yetishga, doimo ogoh va hushyor bo‘lib yashash, Vatan himoyasiga hamisha tayyor turish ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Senat Raisi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Yangi O‘zbekistonning yangi avlodlari qahramon ajdodlarimizning shonli an’analarini munosib davom ettirishiga, o‘z Vataniga sadoqat bilan xizmat qilishiga, uning himoyasiga hamisha shay mard o‘g‘lonlar bo‘lishiga ishonch bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA