“QNA” axborot agentligi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Umidbek Safarov Qatar Palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Muhammad bin Ahmad bin Tovar Al-Kuvariy bilan uchrashganini yoritdi.

Maqolada ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqani chuqurlashtirish istiqboli muhokama qilingani, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, mahsulotlarimizni ushbu arab davlati bozoriga yo‘naltirishni diversifikatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilgani ta’kidlangan.

Shuningdek, muloqot davomida 11-12 noyabr kunlari Doha shahrida ikki davlat ishbilarmon doiralari ishtirokida O‘zbekiston – Qatar biznes forumini, B2B formatidagi uchrashuvlarni yuqori saviyada tashkil etish hamda tadbirga ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarini jalb etish masalasi ham ko‘tarilgan.

Tomonlar mazkur tadbir ko‘p qirrali sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirishga kuchli turtki berishi, o‘zaro munosabatni faollashtirishi, ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashda yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA