4 oktyabr kuni “Rahbar kadrlarni baholash markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi Hukumat Qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi muassisligida Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etiladi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

— ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar asosida davlat fuqarolik xizmatchilari uchun bazaviy, alohida lavozim yoki lavozimlar guruhi uchun kompetensiyalar modeli hamda indikatorlarini ishlab chiqish;

— davlat fuqarolik xizmatchilarini shaxsiy-professional diagnostika qilish, kompetensiyalar modeli asosida kompleks baholash;

— kompetensiyalarni baholash jarayonida foydalanish uchun doimiy ravishda yangi uslublarni ishlab chiqish, o‘zlashtirish va joriy qilish;

— kompetensiyalarni baholash natijalari asosida  rahbar kadrlar uchun shaxsiy-professional rivojlanish trayektoriyasini ishlab chiqish va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirish;

— rahbarlik lavozimiga nomzodlarni umumiy kasbiy bilimi, qadriyatlari va aqliy salohiyatini aniqlash bo‘yicha test sinovlarini hamda psixologik so‘rovnomalar o‘tkazish;

— rahbar kadrlar faoliyati samaradorligini baholash va monitoring qilish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognoz qilish, ularni saralab olish va joy-joyiga qo‘yish jarayonlariga raqamli texnologiyalarini va zamonaviy usullarni keng joriy etish;

— faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ekspert-tahliliy faoliyat, ilmiy tadqiqot va izlanishlarni olib borish.

O‘zA