Hindistonda nashr etiladigan “Business Central Asia” jurnalining bu galgi maxsus soni O‘zbekistonga bag‘ishlandi.
Jurnal sahifalarida mamlakatimiz hayotidagi so‘nggi o‘zgarishlar va yangilanish jarayoniga bag‘ishlangan tahliliy materiallar va yorqin fotosuratlar joy olgan.
“2017 yil O‘zbekistonning zamonaviy solnomasiga izchil va jadal rivojlanish bilan ajralib turadigan mutlaqo yangi bosqichning boshlanishi sifatida bitildi. Bu o‘zgarishlar kuchli tahliliy tafakkurga, zamon bilan hamnafas bo‘lish va milliy xususiyatlarni hisobga olish salohiyatini beradigan siyosiy irodaga, ilg‘or boshqaruv tajribasiga ega kuchli shaxsning o‘rni bilan bevosita bog‘liqdir. Bugungi jadal rivojlanish jarayoni mustahkam poydevor va ko‘p yillik tajribaga asoslangan holda hayotga tadbiq etilayotganini haqli ravishda e’tirof etish mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev yanada ochiq va optimistik ruhdagi yangi O‘zbekistonni barpo etmoqda”, deb ta’kidlangan nashrning bosh maqolasida.
Shuningdek, “Mintaqa farovonligi umumiy sa’y-harakatlarga bog‘liq” sarlavhali maqola mamlakatimiz yetakchisining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida ilgari surgan tashabbuslar va takliflarning ahamiyatiga bag‘ishlangan. Muallif O‘zbekiston Prezidenti iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning yangi modelini shakllantirish, sanoat kooperatsiyasini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ichki mintaqaviy transport-kommunikatsiya tarmog‘ini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va boshqa dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratganini urg‘ulagan.
Maxsus sonda yurtimizning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev, siyosatshunos Qudratilla Rafiqov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Kozimjon Tojiyev, Nodir Tilavoldiyev, Taraqqiyot strategiyasi markazi departament rahbari Farruh Hakimov va boshqa mualliflarning mamlakatimiz hayotiga oid ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy maqolalari ham chop etilgan.
O‘.Alimov, O‘zA