«Viki yodgorliklarni sevadi» xalqaro tanlovi har yili dunyo miqyosida tashkil etiladi. Joriy yilgi tanlovda 40 dan ortiq mamlakat ishtirok etadi. Ularning orasida O‘zbekiston ham bor. Tanlovda tarixiy binolar va diqqatga sazovor joylar fotosuratlari bilan qatnashish mumkin.

Tanlovning asosiy maqsadi – ishtirokchi mamlakatlarning me’moriy yodgorliklariga e’tiborli bo‘lish. Shuningdek, mamlakatimizdagi madaniy meros ob’ektlariga keng jamoatchilikning e’tiborini tortish hamda turizm rivojiga hissa qo‘shishdir.

“Viki yodgorliklarni sevadi” (Wiki Loves Monuments, WLM) fototanlovi 2010 yildan beri har yili kuzda dunyoning turli davlatlarida o‘tkazib kelinadi.

Mamlakatimizda ham 1-31 oktyabr kunlari ushbu tanlov o‘tkazilmoqda. Tanlovning respublika bosqichi “Wikimedia Foundation“ homiyligida o‘zbek tilida so‘zlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi va O‘zbekiston Madaniy meros agentligi hamkorligida tashkil etildi.

O‘zA