O‘zbekistonlik xokkey mutaxassislari ilk bor jahon chempionatining turli divizionlarida o‘tadigan musobaqalarni boshqarib boradigan hakamlar ro‘yxatida qayd etildi.
Bu haqda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik xokkey referisi Sergey Yermakov 2025 yil 27 aprel-3 may kunlari Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati 3-divizionning “V” guruh o‘yinlarini boshqarib borishda, yana bir hamyurtimiz David Prokofev esa kelgusi yil 13-19 aprel kunlari Yerevanda Armaniston, O‘zbekiston, Eron, Quvayt, Malayziya, Indoneziya terma jamoalari ishtirokidagi 4-divizion o‘yinlarida referi sifatida faoliyat olib boradi.
O‘zbekistonlik yana bir xokkey hakami Donish Saydullayevning bosh arbitrning “S” toifadagi xalqaro litsenziyasini qo‘lga kiritgani esa yurtimizda qishki sport turining ushbu yo‘nalishida xalqaro toifadagi malakali mutaxassislar safi ortib borayotganidan dalolat, deyish mumkin.
T. Ro‘ziyev, O‘zA