Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqotida yana bir muhim masalaga e’tibor qaratdi.
– Siz, hurmatli ustozlar maktab o‘quvchilaridan “Men qanday kasb egasi bo‘lmoqchiman?” degan mavzuda insholar, yozma ishlar olasizlar. Lekin, o‘quvchilar yozgan ana shu ishlar tahlili bilan kimdir shug‘ullanyaptimi? Respublika va viloyat kesimida farzandlarimiz qaysi kasblarni eng ko‘p tanlashmoqda? Eng muhimi, bolalarimiz tanlayotgan kasblarga kelajakda mehnat bozorida talab bo‘ladimi o‘zi? – dedi Prezident.
Bolalarning yozma ishlarini chuqur tahlil qilib, ularning orzu va intilishlarini aniqlab, mustaqil hayotga to‘g‘ri yo‘naltirish asosiy vazifa bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga maktab o‘quvchilari o‘rtasida turli mavzularda insholar, yozma ishlar tanlovlarini o‘tkazishni muntazam yo‘lga qo‘yish va ularning tahlili bo‘yicha yangi tizim yaratish topshirildi.
O‘zA