Bu yilgi saylovlar yangiliklarga boy bo‘lishi kutilmoqda.
Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga start berilishi bilanoq reklama peshtaxtalaridan tortib, barcha telekanal, radio va internet nashrlarida partiyalarning faolligi yanada ortdi. Biroq ularni bir joyga jamlovchi va chinakamiga siyosiy debatga chorlovchi maydon yo‘q edi. Poytaxtning qoq markazida Milliy media birlashmasi va Xalqaro press-klub tashabbusi bilan ana shunday maydon yaratilib, unga“Debat Xoll” media-markazi deb nom berildi.
Bugun ushbu “Debat Xoll”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev, Markaziy saylov komissiyasi kotibi Xudoyor Mamatov, Milliy media birlashmasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja, Xalqaro press-klub raisi Jaloliddin Usmonov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b Xolmurod Salimov va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir avvalida martabali mehmonlar ramziy qizil lentani kesib, “Debat Xoll”ni ochib berishdi.
27 sentyabr kuni soat 17:00da “Debat Xoll”da saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalarning raislari o‘rtasida birinchi debat tashkil etiladi. Shuningdek, debatlardan tashqari mazkur maydonda yuqori darajadagi spikerlar ishtirok etib, eksklyuziv ma’lumotlarni saylovchilar bilan bo‘lishadi.
Saylov mamlakatimizda demokratik davlatchilikning yorqin namunasi, fuqarolarimizning saylash va saylanish, davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqaradi. “Debat Xoll” esa ayni jarayonlarni yoritishda yagona maydon hisoblanadi.
Nozimbek Mardonov, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA