Sun’iy intellekt sohasida xalqaro hamkorlik, zamonaviy texnologik taraqqiyotning eng muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Global miqyosda bilim va resurslarni birlashtirish, turli mamlakatlar va tashkilotlar o‘rtasida innovatsiyalarni tezlashtirish imkonini beradi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHga xizmat safari doirasida NVIDIA kompaniyasining sun’iy intellektni tatbiq etish bo‘yicha global direktori Shilpa Kolxatkar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda vazir O‘zbekistonning raqamli transformatsiya strategiyasini amalga oshirishda sun’iy intellekt texnologiyalarining ahamiyatini ta’kidlab, Saudiya Arabistonining Akwa Power tizimidagi Data Volt kompaniyasi bilan yashil Data markaz qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar va sun’iy intellekt strategiyasi bilan tanishtirib o‘tdi.
Tomonlar yurtimizda SI infratuzilmasi rivojlantirishda kompaniya bilan hamkorlik imkoniyatlari, NVIDIA tomonidan O‘zbekistonda yuqori samaradorlikka ega hisoblash texnologiyalarini joriy etish, sog‘liqni saqlash, jamoat xizmatlari va aqlli shaharlar kabi sohalarda innovatsion loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, NVIDIA 1993 yilda tashkil etilgan bo‘lib texnologiya sohasida yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya asosan grafik protsessorlar (GPU) va sun’iy intellekt yechimlari bilan tanilgan.
Uchrashuv so‘ngida sun’iy intellekt tadqiqot va innovatsion markazlarini tashkil qilish hamda davlat xizmatchilari va yoshlarni ushbu sohada o‘qitish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.
M. HOJIAKBAROVA, O‘zA