O‘zbekistonda IT-xizmatlar sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Bu esa mamlakat eksport salohiyatini oshirib, yangi ish o‘rinlarini yaratadi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda AQSHning RFA kompaniyasi delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. RFA kompaniyasi O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi va hozirda Chirchiq shahrida «Zero Risk» dasturidan foydalanishga alohida qiziqish bildirib, “IT Park Uzbekistan” rezidenti maqomini olishga tayyorlanmoqda, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.
Uchrashuvda kompaniya faoliyati uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida taqdim etiladigan imkoniyatlar va qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
RFA raqamli xizmatlarini xorijga eksport qilish uchun mahalliy iste’dodli xodimlarni ishga olishni rejalashtirmoqda.
RFA bosh direktori Yoxan Kim O‘zbekistonda mavjud imkoniyatlar, mamlakatdagi texnologik laboratoriyalarga bo‘lgan qiziqishini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston IT-loyihalarni autsorsing qilish maqsadida yangi operatsion ofis yaratish uchun ideal joy hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, RFA 800 dan ortiq xej-fondlar, xususiy kapital kompaniyalari, aktivlarni boshqarish bo‘yicha kompaniyalar va investitsiya menejerlari uchun keng qamrovli texnologik yechimlarni taqdim etishga ixtisoslashgan. Taklif etilayotgan xizmatlar orasida bulutli yechimlar, IT-xizmatlarni boshqarish, kiberxavfsizlik, ma’lumotlar bilan ishlash, ilova xizmatlari va boshqariladigan aniqlash va javob berish tizimi mavjud. Kompaniya bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Lyuksemburg, Ispaniya, Fransiya, Hindiston, Singapur, Filippin va Yaponiyada 15 ta ofisga ega va unda 300 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi.
RFA uchun yangi markaz O‘zbekistonning qulay ishbilarmonlik muhitidan foydalangan holda mintaqaviy bozorga strategik kirish va IT-xizmatlar eksporti ko‘lamini kengaytirishda muhim sanaladi.
A.RUSTAMOV, O‘zA