2024 yil 11 sentyabrda kuchga kirgan “Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nimalar nazarda tutilgan?
Bu haqda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Ilhom Qurbonov so‘zlab berdi:
– Qurilish sohasidagi islohotlar jadal amalga oshirilib, sog‘lom raqobat muhiti yaratildi. Qurilish tarmog‘i kadrlarini professional tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi hamda hududlar va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishning yangi tizimlarini tartibga solish maqsadida Shaharsozlik kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarurati paydo bo‘ldi. Aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash tizimini takomillashtirishga ehtiyoj paydo bo‘ldi.
Shu bois, yangi qonun bilan Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan ko‘rinishda ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi va loyiha tashkilotiga loyihalash topshirig‘ini berish vakolati berildi.
Aholi punktlarining turlari sifatida O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari, aholi punktlarining hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish va qurish to‘g‘risidagi shaharsozlik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi belgilandi.
Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarini muntazam ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilash vakolati berildi.
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhida aholini va ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish tizimi davlat tomonidan tartibga solinadi.
Xususan, hududlarning joriy holati, salohiyatini aniqlash, o‘zaro bog‘liqlik maqsadlari va xususiyati, arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyatini amalga oshirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari doirasida hududlararo va tarmoqlararo davlat manfaatlarini muvofiqlashtirish va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini loyihalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish uchun asoslar belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhidagi loyihaviy yechimlar O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyot strategiyasi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy integratsiya jarayonlari, qo‘shni davlatlarning hududiy ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot dasturlari hamda jahon tendensiyalarini hisobga olgan holda uzoq davrga mo‘ljallab ishlab chiqiladi. Bu Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlaridagi loyihaviy yechimlarga ham taalluqli.
Qonun bilan Shaharsozlik kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar natijasida fuqarolarning yashash va faoliyat muhiti uyg‘unligi ta’minlanadi. Aholi punktlarining arxitektura qiyofasi yaxshilanadi va aholining turmush darajasini ko‘tarish imkoniyati yaratiladi.
Arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyatini amalga oshirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari doirasida hududlararo va tarmoqlararo davlat manfaatlari muvofiqlashtiriladi. Qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlash va raqobat muhitini rivojlantirish orqali sohadaga investitsiya kiritish imkoniyati kengayadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA