Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Osiyo taraqqiyot bankining xalqaro konsultantlari hamda mahalliy ishchi guruh vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Filial rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan muloqot davomida mazkur bank bilan kelgusida hamkorlikda ta’lim va qishloq xo‘jaligi, veterinariya va chorvachilik sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali ijobiy natijalarga erishish, veterinariya va chorvachilik sohasi bo‘yicha filial tomonidan taqdim etilgan foydali loyihalarni o‘rganib chiqish va moliyalashtirish, amaliyotga tatbiq etish kabi muhim takliflar ilgari surildi.
Muloqot davomida mehmonlar Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi va veterinariya va chorvachilik sohalari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay muhit mavjudligini alohida ta’kidlab, filial rahbariyatini ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqirdi. Hamkorlikda ish olib borish, katta loyihalarni tatbiq etish, shu orqali soha rivojiga hissa qo‘shish kabi masalalar muhokama qilindi.
Suhbat davomida loyihalarni taqdim etish va maqsadga yo‘naltirish uslublari, shu jumladan, iqlim o‘zgarishiga chidamli chorvachilikni rivojlantirish loyihasini tayyorlash bo‘yicha batafsil tushuncha berildi. Osiyo taraqqiyot banki vakillari bilan kelgusida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va chorvachilik sohasida aholiga foydali bo‘lgan yirik loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.