Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi noyob tabiiy maskan – Borsakelmas hududida “Sayyoramiz kelajagiga qo‘shgan hissamiz” xalqaro ekomarafoni bo‘lib o‘tdi.
Ikki kun davom etgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan “ProRun” yugurish maktabi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Marafonda O‘zbekiston, Hindiston, Keniya, Togo, Sudan, Iordaniya, Ispaniya, Kanada, Daniya, Belarus, Rossiya kabi 11 ta davlatdan 250 nafar professional va havaskor yuguruvchi ishtirok etdi. Ular orasida “Nike” kompaniyasining musulmon ayollar o‘rtasida yugurishni targ‘ib qiluvchi elchisi Farah Majid va “Adidas” vakili G‘ani Sulaymon bor. Ishtirokchilarning turli davlatlardan ekanligi tadbirning xalqaro maqomi va tobora ommalashib borayotganini ko‘rsatdi.
Ishtirokchilar xavfsizligi va qulaylikni ta’minlash maqsadida marafonni tashkil etishga 200 nafar kishi jalb etildi. Dasturdan o‘tov lagerida joylashtirish, madaniy dastur, etno-shou, Borsakelmas sho‘rxok hududiga sayohat, 42 km marafon, 21 km yarim marafon va 5 hamda 10 km masofaga yugurish o‘rin oldi.
Ta’kidlash joizki, Borsakelmas marafoni nafaqat sport tadbiriga, balki inson va tabiat birligining haqiqiy bayramiga aylandi. U sport nafaqat musobaqa, balki atrofimizdagi hayratlanarli olamni kashf etish va uni asrab-avaylashga hissa qo‘shish vositasi bo‘lishi mumkinligini isbotladi. Ushbu marafon yuguruvchilar, ekoturistlar va atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilayotganlarni sayyoramizdagi noyob joylarni saqlash uchun yagona harakatga birlashtirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri