Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar energetika vazirlarining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda axborot hamkorimiz – “TDH” xabar bergan.

Tadbirda TDT Bosh kotibi, shuningdek O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya, Qirg‘iziston energetika vazirlari va mas’ul vakillari hamda Turkmaniston va Vengriyadan kuzatuvchilar ishtirok etdi.

Uchrashuvda TDT davlatlari energetika siyosatidagi hamkorlik holati va aloqalarni rivojlantirish istiqboli ko‘rib chiqilidi. Jumladan, Naxichevan kelishuvi, Turk dunyosini 2040 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi va 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha Harakatlar rejasida belgilangan vazifalar ijrosi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Qayd etish joiz, TDT energetika vazirlarining uchrashuvi an’anaga aylanmoqda. Bu ishtirokchi mamlakatlarga, dunyoning notinch voqealarini hisobga olgan holda, energetika sohasidagi dolzarb muammolarni bartaraf qilish imkonini beradi.

Tomonlar qazib olinadigan yonilg‘i va toza energiya manbalarining bir-birini to‘ldiruvchi afzalligidan foydalanish, energiya yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish imkoniyati, eksport salohiyatini oshirish hamda jahon ishlab chiqarish-transport zanjirining ishonchliligi va uzluksiz ishlashini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

E’tiborli jihati, delegatlar texnologiyalar va yashil tashabbuslar hududiy markazini tashkil etish, shuningdek, har yili energetika xodimlari o‘rtasida kasb mahorati tanlovlari uyushtirish, professional mahorat bo‘yicha birinchi turnirni Qirg‘izistonda o‘tkazish taklifini ilgari surishdi.

Uchrashuv yakunida elektr energiyasini ayirboshlash va yetkazib berish sohasidagi hamkorlikni davom ettirishga umumiy tayyorlik bildirilib, Qo‘shma kommyunike imzolandi.

O‘tkir Alimov, O‘zA