Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi “Quyoshli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Xalqobod” madaniyat markazi binosi foydalanishga topshirildi.

Markazning ochilish tadbirida ta’kidlanganidek, so‘nggi yillari mamlakatimizda barcha sohalar qatori madaniyat va san’atni har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur markazning yangi binosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining qaroriga asos respublika byudjetining 2,7 milliard so‘m mablag‘i hisobidan barpo etildi. Qo‘shimcha 890 million 125 ming so‘m mablag‘ ajratilib, 25 dona musiqa asbobi, ovoz kuchaytirish moslamasi hamda o‘quv qo‘llanmalari bilan ham ta’minlandi.

– Davlatimiz rahbarining Orolbo‘yiga alohida e’tibori natijasida tumanimizda yana bir zamonaviy bino foydalanishga topshirildi, – deydi markaz xodimi Aygul Sadullayeva. – Madaniyat markazi 168 ta o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda 3 ta to‘garak faoliyat olib boradi. Ularga 60 nafarga yaqin hudud yoshlari jalb qilingan. Bundan hudud aholisi juda mamnun, ayniqsa, yoshlarimizning quvonchi cheksiz.

Tadbir yakunida mehmonlar yangi madaniyat markazida aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.