Xabar berganimizdek, poytaxtimizda aksil korrupsiya sohasida Xalqaro media forum tashkil etildi. Mazkur nufuzli anjumanni o‘tkazish tashabbusini Prezidentimiz korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida ilgari surgan edi.

Forumning ochilishida so‘zga chiqqan Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi missiya rahbari o‘rinbosari va hamkorlik bo‘limi rahbari, doktor Mixael Vimmer sohada amalga oshirilgan ishlar, islohot jarayonida jurnalist va blogerlarning o‘rni xususida fikr bildirdi:

– Biz O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi bilan faol hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz. Yevropa Ittifoqi, Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi hamda GIZ ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini yaxshilash – inklyuziv korrupsiya profilaktikasi” loyihasi davlat idoralarida halollikni mustahkamlash, mazkur illatga nisbatan mutlaqo toqatsizlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.

Ayni jarayonda ommaviy axborot vositalari mutaxassislari, fuqarolik jamiyati vakillari va faollari salohiyatini oshirish ham asosiy maqsad sifatida belgilangan. Korrupsiyaga qarshi samarali kurashish fuqarolar xabardorligi va jamoatchilik faolligini oshirishga ham bevosita bog‘liq.

OAV xodimlari va jurnalistlar uchun korrupsiya holatlarini tekshirish va yoritish, shuningdek murakkab ish muhitida samarali harakatlanish uchun zarur vosita, bilimlardan foydalanish muhim ahamiyatga ega.

B.Xudoyberdiyev,

N.Haydarov (surat),

O‘zA