Yaqinda O‘zbekistonning “O‘zaviatsiya” agentligi va “Qozog‘iston aviatsiya ma’muriyati” AJ rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Moldova, Tojikiston va O‘zbekiston ishtirokida “Yevrosiyo Fuqaro aviatsiyasi konferensiyasi”ni (EACAC – EuraAsian Civil Aviation Conference) tashkil etish bo‘yicha qo‘shma tashabbus, shuningdek, parvozlar xavfsizligi masalalari bo‘yicha idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
“Fuqaro aviatsiyasining Yevroosiyo konferensiyasi” aviatsiya sohasida har bir davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik konsepsiyasini belgilovchi platforma hisoblanadi.
Dastlabki bosqichda EACAC norasmiy idoralararo texnik tashkilot bo‘lib, aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning kelajakdagi konsepsiyasini muhokama qilish hamda qo‘shma qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar “Yevroosiyo Fuqaro aviatsiyasi konferensiyasi – EACAC”ni tashkil etish tashabbusi to‘g‘risidagi hujjatni imzoladilar.
O‘zA