Ma’lumki, shu hafta Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining 42-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yirik anjuman doirasida SHHTga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari XXR Davlat Kengashi a’zosi, jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida yuqori martabali mezbon mulozim ta’kidlashicha, Xitoy tuzilmaga a’zo davlatlar rahbarlari erishgan muhim kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish, jumladan global xavfsizlik tashabbusini ilgari surish, “Shanxay ruhi”ni targ‘ib qilish, kiber xavfsizlikni ta’minlash, uch yovuz kuch – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashishda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun barcha tomonlar bilan izchil ishlashga tayyor.
Shuningdek u barchani SHHTning huquqni muhofaza qilish va xavfsizlik sohasidagi hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, barcha a’zo davlatlar xavfsizligi va taraqqiyoti uchun umumiy manfaatlarni yanada samarali himoya qilish, mintaqaviy tinchlikni saqlash va butun insoniyatning yagona taqdiriga daxldor xavfsiz hamjamiyat qurish yo‘lida birlashishga chaqirdi.
M.Sayfullayev, O‘zA