O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri Olaf Shols rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Kuni kecha Samarqand shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazildi. Unda mamlakatlarimiz ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ushbu tashrifning ahamiyati, istiqboldagi rejalar haqida Germaniya delegatsiyasi vakillari, tadbirkorlar fikrlari bilan qiziqdik.
– Mamlakatlarimizning yetakchi kompaniya va banklari o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirishga e’tibor qaratayotganini ta’kidlamoqchiman, – deydi Germaniya dengatsiyasi a’zosi, “Airbus Helicopters” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Shtefan Tomi. – O‘tgan yili Berlinda o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlarni yaxshi eslaymiz. Bu kabi aloqalar barcha yo‘nalishdagi hamkorlikni faollashtirayotganidan mamnunmiz. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi bir milliard yevrodan oshgani ta’kidlanmoqda. Yil boshidan buyon esa mamlakatingiz iqtisodiyotiga Germaniya kompaniyalari 800 million yevrolik investitsiyalar kiritgan. Bu raqam aloqalar izchilligi nechog‘lik ekanini ko‘rsatadi. Kecha Transport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim ham imzolandi. Shu o‘rinda bizning “Rhenus”, “Deutsche Bahn”, “DB Schenker” kabi transport sohasidagi kompaniyalarimiz bilan aloqalaringiz yaxshiligini ta’kidlab o‘tish joiz. Ekspertlar keyingi yillarda yurtingizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni yuqori baholamoqda. O‘zbekistonga kelib haqiqiy manzarani o‘zim ko‘rganimdan xursandman. Mehmondo‘stligingiz va samimiyat haqida qisqacha gapirib bo‘lmaydi, bu katta va boshqa mavzu.
– O‘zbekistonda faoliyat yuritayotganimizga o‘ttiz yil bo‘ldi, – deydi Textima Export Import GmbH kompaniyasi vitse-prezidenti Roman Frenk. – Kompaniyamiz tekstil, kimyo, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan yuqori sifatli texnikalarni Germaniyadan yurtingizga yetkazib beruvchilarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu yurtda uzoq yillardan buyon ishlayotgan tadbirkor sifatida ayta olaman, keyingi yillarda O‘zbekistonda barcha sohalarda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Xususan, eksport-import salohiyatining o‘sishiga guvohman. Kelajakda ham yaqin hamkor bo‘lishimizga ishonaman. Kecha o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda ham O‘zbekiston va Germaniya hududlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Joriy yil boshidan buyon Germaniyaning ikkita federal o‘lkasi vakillari mamlakatingizga tashrif buyurdi. Yil oxirigacha Berlin, Bavariya va Tyuringiya delegatsiyalarining tashrifi kutilayotgan ekan. Bunday maqsadli borish-kelish, gaplashish va yaqindan kuzatish biz, tardibrkorlar uchun juda muhim.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA