Rekonstruksiya ishlari boshlanadi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak va Beruniy tumanlari hududidan o‘tuvchi A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 673-698 km (25 km) qismini Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida sement-beton qoplamasi bilan rekonstruksiya qilish loyihasi boshlanadi.
Ushbu ishlarda “Dorkomplekstsnab Plus” mas’uliyati cheklangan jamiyat (O‘zbekiston) va “New Tech Samarqand” (O‘zbekiston) qo‘shma korxonalari xalqaro tender savdolarida g‘olib deb topilib, joriy yilning 22 avgust kuni pudrat shartnomalari imzolandi.
Loyihaning umumiy qiymati 60,9 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Ichimlik suv ta’minoti 80 foizga yetkaziladi
Amudaryo tumani “O‘rta qal’a” ovuli hududidagi suv taqsimlash inshootida Ozarbayjon Respublikasining “Archico Engineering company” pudratchi tashkilot tomonidan magistral va ichki suv tarmoqlarini tortish ishlariga start berildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu loyiha orqali tuman aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi yanada oshib, iste’molchilarga ichimlik suvi yetkazib berish hajmi va sifati yaxshilanishini alohida qayd etdilar.
Ta’kidlanganidek, aholini toza ichimlik suvi bilan qamrab olish darajasini yanada oshirish maqsadida “Osië taraqqiët banki” kredit mablag‘i hisobidan jami 42 million AQSH dollar miqdoridagi 2 ta yirik loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida sutkasiga 40 ming kub metr suv yetkazib berish quvvatiga ega bo‘lgan “Mang‘it” suv tozalash inshooti yangidan qurish hamda 68,5 km magistral va 289,2 km ichki suv tarmoqlarini tortish belgilangan.
Yo‘rg‘a tuvaloqlar yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida yo‘rg‘a tuvaloq (Chlamydotis macqueenii) qushlari yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda “Falcon Hunting Solutions” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi hamda Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro uyushmasi Qizil kitobiga kiritilgan va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish (CITES) Konvensiyasining 1-ilovasiga kiritilgan noyob qush – yo‘rg‘a tuvaloqlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududining yovvoyi tabiatiga har yili 2 ming boshdan 3 ming boshgacha qo‘yib yuborish rejalashtirilgan.
Ushbu rejaga asosan, Qo‘ng‘irot tumani hududidagi Ustyurt tekisligiga jami 2 ming 680 bosh yo‘rg‘a tuvaloq yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.