Ayni kunlarda Urganchdagi «Yoshlik» sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasidagi mamlakat kubogi bellashuvlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 300 nafardan ortiq sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.

Chempionatda Olimpiya va Osiyo o‘yinlarining ishtirokchilari, jahon va qit’a chempionlari qatori o‘nlab iste’dodli yoshlar ishtirok etmoqda.

Kuni kecha Tokio Olimpiyadasi g‘olibi, “Parij-2024” Olimpiadasi sovrindori, jahon va qit’a chempioni, jahon rekordchisi Akbar Jo‘rayev kubok musobaqalari oldidan Urganchdagi bir qator sport maktablari tarbiyalanuvchilari bilan uchrashdi. Muloqot davomida yosh og‘ir atletikachilarga “master-klass” mashg‘ulotlarini  o‘tdi.

Qayd etish joiz, 17 sentyabrga qadar davom etadigan O‘zbekiston kubogi doirasida “O‘17” yosh toifasida O‘zbekiston ochiq chempionati ham tashkil etiladi. Unda 5 ta yigitlar hamda 5 ta qizlar o‘rtasidagi vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

Mazkur turnirda hamyurtlarimizdan tashqari, qo‘shni mamlakatlardan ham 150 nafarga yaqin og‘ir atletikachi qatnashishi kutilmoqda.

T. Ro‘ziyev,

O‘zA