Davlatimiz rahbarining joriy yil 25 iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mahallalar obodligini ta’minlash, ularni saqlash va obodonlashtirish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishning yangi mexanizmlarini joriy qilish, aholi va kommunal xizmat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda mahallalar hududida yashovchi aholini mahalla obodligiga keng jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash doirasida Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumani, “Yuksalish” MFY tajribasi asosida mamlakatimizdagi 208 ta mahallada, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 17 ta mahallada salohiyatli tadbirkorlar ishtirokida “Mahalla servis kompaniyalari” tashkil etildi. Mana shular qatorida Nukus shahridagi Bo‘zovul mahalla fuqarolar yig‘inida “Bo‘zovul mahalla servis kompaniyasi” faoliyati yo‘lga quyildi.

Shahar tashqi aylanma yo‘li bo‘yida joylashgan muhtasham servis kompaniyasi bugun mahallaning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish bilan birga, hudud obodligiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

– Prezident qarori bilan tanishar ekanman, unda “Mahalla servis kompaniyasi”ni tashkil etgan tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlarni ko‘rib, juda hayratlandim, – deydi Servis kompaniyasi rahbari, tadbirkor R.Qalbayev. – O‘z hovlim yonidagi katta yo‘lga qaragan bo‘sh joyda aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha imorat tiklagandim. Shu boisdan “Mahalla servis kompaniyasi”ni tashkil etish menga qo‘l keldi.

Quvonarlisi, ular meni qo‘llab-quvvatlashdi. Tez fursatda imorat zamonaviy ko‘rinishda ta’mirlab berilib, biz qarorda belgilangan 10 dan ziyod texnik vosita va uskuna bilan bepul ta’minlandik. Ayniqsa, kompaniyamizga zamonaviy 2 dona elektr motoroller berilishi mahalla obodligini ta’minlashdagi ishlarimizga juda qo‘l kelmoqda.

Ayni paytda mazkur Servis kompaniyasida 12 nafar kishining bandligi ta’minlangan. Ular orasida elektrik, santexnik, payvandchi, tikuvchi va bog‘bon kabi o‘z ishining ustalari hamda obodonlashtirish ishlariga mas’ul xodimlar mavjud.

Kompaniya xodimlari ayni paytda mahalla hududidagi kam ta’minlangan oilalarning xonadonlarida obodonlashtirish ishlarini olib borish bilan birga, aholi, korxona va tashkilotlarga shartnoma asosida pullik xizmatlarni ham ko‘rsatmoqda. Hududda temir eshik va darvozalarga talab yuqori bo‘lganligi sabab servis kompaniyasida temir buyumlarni ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi.

Tadbirkorning tikuvchilik sexida esa nafaqat ushbu hududdan, balki qo‘shni mahallalardan ham buyurtmalar olinmoqda. Elektr motoroller, yer haydash mini uskunasi, hasharotlarga dori sepish va boshqa uskunalar bilan esa davlat va jamoat tashkilotlariga pullik xizmat ko‘rsatilib, daromad manbaiga aylanmoqda.

Tadbirkorning maqsad va rejalari ko‘p. U kelajakda Servis kompaniyasiga berilgan imkoniyatlardan yanada foydalanib qo‘shimcha xizmatlarni ham yo‘lga qo‘ymoqchi. Ma’lumki, bunda doimiy va mavsumiy ishchilarga ham talab ortadi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.