Qaror va ijro
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizning asosiy o‘zagi hisoblangan mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, shahar markazlari hamda chekka qishloq hududlarini har taraflama rivojlantirish, aholi farovonligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston mahallalari misolida qaraydigan bo‘lsak, bu borada so‘nggi ikki yilning o‘zida qurilish-obodonlashtirish ishlarining olib borilganini ko‘rishimiz mumkin. Muhimi, bu yangilanishlarni xalqimiz teran his qilib, bugungi hayotidan rozi bo‘lmoqda.
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham “Inson qadri uchun” tamoyili asosida qilinayotgan ezgu ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Qaror ijrosi doirasida bugungi kunda Qoraqalpog‘istondagi 17 ta mahalla hududlardagi salohiyatli tadbirkorlar ishtirokida Mahalla servis kompaniyalari tashkil etilib, ularga mahalla va mahallaga tutash joylardagi bo‘sh binolar bepul foydalanish huquqi bilan ajratib berildi.
Masalan, Nukus tumanidagi “Dehqon arna” mahalla servis kompaniyasi binosi tez fursatda yangidan qurib, bugungi kunda kompaniyaga 2 ta elektr motoroller va boshqa zaruriy uskunalar yetkazib berildi. Ayni paytda mazkur Servis kompaniyalari mahallalardagi ko‘chalar bilan hududlardagi kam ta’minlangan oilalarning xonadonlarida obodonlashtirish ishlarini boshlab yubordi.
O‘rni kelganda ta’kidlash joizki, Servis kompaniyalarini tashkil etgan tadbirkorlarga aholiga xizmat ko‘rsatishda bepul xonalar ajratilib, mahalla va kompaniya o‘rtasidagi shartnomalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ular aholiga xizmat ko‘rsatishda zarur bo‘ladigan 10 dan ortiq texnik vositasi va uskunalar bilan bepul ta’minlandi. Kompaniya va xodimlar daromadiga ijobiy ta’sir qiladigan soliq imtiyozlari yaratildi.
Obodonlashtirish ishlari uchun mahallalarga, jumladan, mahalla servis kompaniyalariga jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan har oyda 20 million so‘mdan mablag‘ ajratilmoqda. Berilayotgan ushbu imtiyozlar natijasida Servis kompaniyasini tashkil etish istagidagi tadbirkorlar soni ham ortib bormoqda.
Servis kompaniyalari mahalla fuqarolar yig‘ini buyurtmasi asosida o‘zlariga tegishli mahallalarda, jumladan, ko‘chalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib boradi, ariq va lotoklar, sug‘orish tizimlarini tozalaydi, har xil nihollarni ekadi, ularning parvarishiga mas’ul bo‘ladi.
Ijtimoiy ob’ektlarga shartnoma asosida obodonlashtirish va kommunal ekspluatatsiya xizmatlarini ko‘rsatadi, chiqindilarni yig‘ib, saralaydi va tegishli korxonalar tomonidan o‘z vaqtida olib chiqib ketilishini ta’minlaydi. Shuningdek, aholi talablaridan kelib chiqib, ularga santexnika, elektrik, payvandlash, maishiy texnikalarni ta’mirlash, quyosh panelini o‘rnatish, tomorqa va daraxtlarni parvarish qilish kabi 20 tadan ortiq ijtimoiy turdagi pullik xizmatni ko‘rsatadi.
Ayni paytda hududdagi 17 ta mahalla servis kompaniyasida 133 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Ishchilar soni aholi talabiga ko‘ra yanada ortib borishi bilan birga qo‘shimcha mavsumiy ishchilar ham jalb qilinadi.
Qarorda Mahalla servis kompaniyalari bilan ishchilarning daromadini oshirishda qator imtiyozlar berilmoqda. Xususan, kompaniya ijtimoiy ahamiyatdagi pullik xizmatlarni ko‘rsatish doirasida foyda, mol-mulk, yer va ijtimoiy to‘lovlardan, ishchilar esa, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilindi.
Kutilayotgan natijalarga e’tibor beradigan bo‘lsak, kelgusi yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 452 ta mahallaning barchasida servis kompaniyalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu mahalla yettiligiga qo‘shimcha 452 ta shtat birligi, har bir servis kompaniyasi doimiy va mavsumiy ishchilar uchun o‘rtacha 15-20 nafar ishchini qamrab olganda jami 1000 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi degani.
Bir so‘z bilan aytganda bu tizim mahallalarimiz obodligini ta’minlash bilan birga, birinchi navbatda ulardagi ijtimoiy yordamga muhtoj, ishsiz qatlamning bandligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Sag‘indiq TURMANOV,
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA