O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida delegatsiya Jamoat xavfsizligi vazirligi tomonidan Lyanyungan shahrida tashkil etilgan «O‘zgaruvchan sharoitlarda g‘alaba qozongan hamkorlik: global jamoat xavfsizligi hamjamiyatini qurish» mavzusidagi jamoat xavfsizligi bo‘yicha global hamkorlik forumida ishtirok etdi.

Forumda ellikdan ortiq davlatlardan to‘rt yuzga yaqin mutaxassislar, shuningdek, BMT, SHHT, Interpol va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Tadbir ishtirokchilari global jamoat xavfsizligi sohasidagi dolzarb muammolar hamda ularning yechimlari, mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, soha mutaxassislari o‘rtasida muloqotni rivojlantirish, xavfsizlikka oid qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, shuningdek, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz qatorida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmanistonning ichki ishlar vazirlari hamda Xitoyning Jamoat xavfsizligi vaziri boshchiligidagi delegatsiyalar qatnashdi.

Uchrashuv jarayonida tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni rag‘batlantirish, huquq-tartibot yo‘nalishida idoralararo va tarmoqlararo muvofiqlashtirish mexanizmini yaratish hamda o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, mintaqada birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi masalalarni muhokama qildi.

Tadbir yakunida tomonlarning hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli vazifalarni qamrab olgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” yig‘ilishining bayonnomasi imzolandi.

Tashrif davomida P.Bobojonovning Xitoy Davlat kengashi a’zosi – Jamoat xavfsizligi vaziri politsiya generali Van Syaoxun bilan ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar shu yil aprel oyida Toshkent shahrida imzolangan ikki vazirlik o‘rtasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi dastur ijrosini, shuningdek, terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi hamda boshqa turdagi transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va raqamli kriminalistika yo‘nalishida ichki ishlar organlari xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish kabi masalalarni muhokama qildi.

Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida istiqbolli vazifalar belgilab olindi.

N.Abduraimova, O‘zA