Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan Toyvo Klaar vazifasini bajarishga kirishdi. Bu haqda tuzilmaning mamlakatimizdagi delegatsiyasi saytida xabar berildi.
Bugun elchi bilan uchrashuv o‘tkazgan tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov diplomatdan ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilib oldi.
– Muloqot kun tartibidan hamkorlikni mustahkamlash va boshqa dolzarb global masalalar o‘rin oldi, – dedi B.Saidov. – Ishonchimiz komilki, janob elchining tajribasi va mintaqamiz bo‘yicha chuqur bilimi diplomatik missiyasi samarali kechishiga xizmat qiladi.
So‘nggi yetti yilda Toyvo Klaar YeIning Janubiy Kavkaz va Gruziyadagi inqiroz bo‘yicha maxsus vakili lavozimida ishlagan. U Garvard universitetida o‘qigan, Jon Kennedi nomidagi Davlat boshqaruvi maktabida magistr darajasini olgan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil martidan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi lavozimida ishlab kelgan Sharlotta Adrian iyul oyida diplomatik missiyasini yakunladi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA