Bugun Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov o‘zbekistonlik boks murabbiyi Akmal Hasanov bilan uchrashib, Munarbek Seyitbek o‘g‘lining g‘alabasiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik belgisi sifatida avtomobil sovg‘a qildi. Bu haqda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qirg‘iziston yetakchisi o‘zbek murabbiyining bu harakati ikki qardosh xalqlarning do‘stligi va hamjihatligidan dalolat berishini ta’kidladi.

– Markaziy Osiyo xalqlari bir-birini qo‘llab-quvvatlab, birdamlik va do‘stona munosabatlarni namoyon etayotganini butun dunyo ko‘rdi va siz o‘z misolingiz bilan o‘zaro totuvlikni mustahkamlashga hissa qo‘shdingiz, -dedi Prezident Sadir Japarov.

Shuningdek, Qirg‘iziston rahbari Parijdagi Olimpiadada o‘zbekistonlik sportchilarning yuqori natijalarini ham e’tirof etdi.

– O‘zbekistonda sportga katta e’tibor qaratilmoqda. Biz ham sportchilarimizni so‘nggi uch yil ichida faol qo‘llab-quvvatlay boshladik. Avvallari musobaqalarda ishtirok etish uchun mablag‘ ajrata olmagan holatlarimiz ham bo‘lgan. Ajdodlarimiz o‘z qahramonlariga e’tirof belgisi sifatida ot sovg‘a qilganlar. Hozirda mashina sovg‘a qilish odat tusiga kirgan, ya’ni, an’analar ruhi o‘zgarmagan, -deya qo‘shimcha qildi Prezident.

O‘z navbatida, Akmal Hasanov samimiy so‘zlar uchun qo‘shni davlat rahbariga minnatdorchilik bildirdi. U Munarbek Seyitbek o‘g‘lini sport yig‘inlarida ko‘p marta uchratganini va uning boksdagi mahorati tahsinga loyiqligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘li Fransiyadagi Olimpiada o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan edi. U qirg‘iz boks tarixida birinchi bo‘lib Olimpiada medalini qo‘lga kiritdi. Uning shaxsiy murabbiyi Olimpiadaga bora olmay qolgani uchun o‘zbekistonlik murabbiy Akmal Hasanov ushbu sportchiga sekundantlik qilgandi.

O‘.Alimov, O‘zA