Parij Paralimpiya o‘yinlari nayza uloqtirish bahsida g‘olib chiqqan eronlik sportchi Sadig‘ Bayt Sayyoh hayratlanarli voqeaga duch keldi. U taqdirlash marosimi arafasida oltin medaldan mahrum qilindi. F41 yo‘nalishida rekord o‘rnatgan bu atletning g‘alabasiga ikki xil qoidani buzgani uchun belgilangan jazo soya soldi.
G‘alabasini nishonlayotgan Bayt Sayyohga rekord yangilangan ikkinchi harakatidan so‘ng “tomoqni kesish” ma’nosini beruvchi harakati uchun dastlabki sariq kartochka ko‘rsatildi. Sportchi oddiy, bayramga oid imo-ishora, deya ta’riflagan qiliq hakamlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan. Ikkinchi ogohlantirish g‘olib qizil harflar tushirilgan qora bayroqni ochganidan so‘ng e’lon qilindi. Natijada Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi qoidasiga ko‘ra, Eron jamoasi vakili o‘yinlardan chetlatildi va oltin medaldan mosuvo etildi.
Shu tariqa hindistonlik Navdip Singx oltin, xitoylik Sun Pensyan va iroqlik Vildon Nuhaylaviy mos ravishda kumush va bronza medalga ega chiqishdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA