QNA axborot agentligi Toshkentda O‘zbekiston va Qatar Milliy kutubxonalari o‘zaro hamkorlikka oid anglashuv memorandumi imzolagani haqida maqola e’lon qildi.
Madaniy, texnik va ilmiy sohalarda qo‘shma tashabbuslar uchun asos yaratadigan mazkur hujjat hamkorlikda kutubxona xizmatini rivojlantirish, shuningdek ikki mamlakatni birlashtirgan boy islom madaniy merosini asrab, kelajak avlodlarga yetkazishga qaratilgan sa’y-harakatlarni muvofiqlashtiradi.
– Biz ikki davlatga xizmat qiluvchi innovatsion loyiha va tashabbuslarni birgalikda ilgari surishga intilamiz, – dedi Qatar Milliy kutubxonasi ijrochi direktori Xosum Tan xonim. – Mamlakatlar va jahon hamjamiyati ilg‘or kutubxona xizmatini doimiy ravishda takomillashtirish orqali bilimlarni global miqyosda tarqatishga yordam beruvchi, umumiy madaniy merosni yanada chuqurroq anglashga xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshiradi.
Muassasa rahbari doktor Hamad Al-Kuvariy respublikamizning boy madaniy merosi, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlari, Imom Buxoriy, Imom At-Termiziy kabi buyuk ulamolarining Islom sivilizatsiyasi tarixida tutgan beqiyos o‘rni arab xalqlari tomonidan yuksak qadrlanishini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Shayxa Moza bint Nosir Al-Misnad tashabbusi bilan nodir me’morchilik andozasi asosida 2018 yil bunyod etilgan ushbu kutubxona eng zamonaviy texnologiyalar yordamida faoliyat olib boradi.
Navbatdagi kelishuv Qatar Milliy kutubxonasi mamlakatimiz bilan sheriklikda islom merosini asrab-avaylash va tarqatish yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatlarining mantiqiy davomidir. Zero, ayni muassasa 2022 yil O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan ham o‘zaro anglashuv Memorandumini imzolagan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA