Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibining oliy vakili Fatima Rababxonim Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurdi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi istiqboli uchun muhim bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratildi.

Jumladan, dengiz yo‘li orqali savdo aloqalarini rivojlantirish, O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti, kelgusidagi rejalari haqida fikr almashildi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro yaxshi munosabatlar ko‘lami kengayayotgani, mintaqadagi iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolarga qaratilayotgan e’tibor va yechimlar, qishloq xo‘jaligidagi innovatsion loyihalarni amalga oshirish, onlayn savdo tizimini rivojlantirish, tranzit yo‘llarining xavfsizligi masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi.

Muloqot davomida Markaziy Osiyo mintaqasidagi tashqi savdo, transport va kommunikatsiya sohalari hamda bu borada xalqaro darajada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.

N.Abduraimova,  

O‘zA