O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Xitoy Kommunistik partiyasining Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Tyanzin shahar Xitoy Kommunistik partiyasi qo‘mitasi kotibi Chen Miner boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda delegatsiya a’zolariga yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar hamda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

O‘z navbatida, Chen Miner O‘zbekiston va Xitoy o‘zaro do‘stlik, birodarlik va yaxshi qo‘shnichilik asosida qurilgan strategik hamkorlar ekanini ta’kidlab, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ulkan natijalar berayotganini yuqori baholadi. Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

Uchrashuvda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqotlar tufayli O‘zbekiston — Xitoy hamkorlik munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani, joriy yilning yanvar oyida Pekinda va iyul oyida Ostona shahrida davlat yetakchilari tomonidan o‘tkazilgan muzokaralarda Xitoy — O‘zbekiston hamkorligi bo‘yicha ko‘plab muhim kelishuvlarga erishilgani, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlari belgilab olingani ta’kidlandi.

Shu kunning o‘zida Xitoy delegatsiyasi a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari bilan ham uchrashdi.

Chen Minerning ta’kidlashicha, hozirgi kunda ikki mamlakat hukumatlari, parlamentlari, hududlari o‘rtasidagi  aloqalar shiddat bilan rivojlanib bormoqda.

Mehmon, Xitoy Kommunistik partiyasi dunyoning 130 dan ortiq mamlakatlarning 170 dan ortiq siyosiy partiyalari, shu jumladan, O‘zbekistonning 5 ta siyosiy partiyasi bilan aloqalarni yaqindan o‘rnatgani, kelgusida bu aloqalarni yanada yaxshilashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Xitoy Kommunistik partiyasi va O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar bilan aloqalarni yanada jadallashtirishga kelishib oldi.

M.Komilova,

O‘zA