“Yashil energiya” MCHJ va Xitoyning “Shandong Hi-Speed Co Ltd” kompaniyasi o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda “Yashil energiya” kompaniyasi tomonidan yurtimizdagi bir qator ijtimoiy soha ob’ektlariga quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish yuzasidan olib borilayotgan ishlar hamda ularning samaradorligi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Muzokara chog‘ida xorijiy kompaniya vakillari O‘zbekistonda “yashil” energetikani jadal joriy etish borasida yirik loyihalar olib borilayotgani va bu borada bir nechta xitoy kompaniyalari ham faol ishtirok etayotganini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, Xitoy kompaniyasi respublikamiz hududidagi ijtimoiy soha ob’ektlarida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatishga qiziqish bildirmoqda.

Tomonlar uchrashuv so‘nggida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida kelishib oldi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA