Joriy yil iyul oyida O‘zbekiston yana dunyodagi eng yirik oltin sotib oluvchi davlatlardan biriga aylandi, deb yozdi Jahon oltin kengashi – World Gold Council.

Bir oy ichida jahon markaziy banki zaxirasi 37 tonnaga boyidi. “KAP Depo” investitsiya kompaniyasi takidlaganidek, ushbu qimmatbaho metallning asosiy xaridorlari sifatida Polsha Milliy banki (14,3 tonna), O‘zbekiston Markaziy banki (9,6), Hindiston Zaxira banki (5,4) e’tirof etilgan. Keyingi o‘rinlarni Iordaniya (4,3), Turkiya (3,8), Qatar (2,3), Chexiya (1,6 tonna) egalladi. Qozog‘iston (3,9) va Mo‘g‘uliston (0,7) eng ko‘p oltin sotdi.

Hisobot davrida O‘zbekiston Markaziy banki oltini hajmi oyiga 11,7 milliondan 12,1 million troya unsiyasi (374,8 tonna)ga oshdi. Shu bilan birga oltin zaxirasi qiymati 1,8 milliard dollar ko‘tarilib, 29,2 milliard dollarga yetdi. Natijada O‘zbekiston MB yil boshidan buyon sof oltin sotuvchidan sof oltin oluvchiga aylandi. Iyun oyida 9 tonna qimmatbaho metall xarid qilingan.

– So‘nggi oylarda MB oltin to‘plashga sodiqlik namoyish etdi, – deyilgan WGC sharhida. – Narx yangi yuqori cho‘qqiga ko‘tarilishda davom etgani sababli e’lon qilingan talabning umumiy darajasi pasaygan bo‘lsa-da, ijobiy nisbat saqlanib qoldi.

Iyul oyida narx bir unsiya uchun 2325 dollardan 2445,76, ba’zan 2480 dollargacha ko‘tarilib, o‘sish 5,2 foizni ko‘rsatdi.

S&P – “Global Ratings” hisobiga ko‘ra, oltin narxi tushishi kutilayotgani va joriy hisob raqami taqchilligi davom etayotgani bois O‘zbekistonning foydalanish mumkin bo‘lgan valyuta zaxirasi 2027 yilgacha qisqaradi. Markaziy bankning monetar oltin zaxirasi oltin-valyuta zaxirasi umumiy miqdorining 80 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. MB mamlakatimizda qazib olinayotgan oltinni sotib olishda ustuvor huquqqa ega. Ya’ni, mahalliy valyutada xarid qiladi va intervensiyaning o‘zbek so‘miga ta’sirini qoplash uchun dollarni mahalliy bozorda sotadi.

Sh. Mamaturopova,

O‘zA