Nukus shahridagi Prezident maktabida 2024-2025 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etib, barchani O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi bayrami hamda yangi ӯquv yilining boshlanishi bilan qutladi.

Ta’kidlanganidek 2023-2024 o‘quv yili mazkur maktabni 21 nafar o‘quvchi bitkazdi. Ulardan Allaberdi Zinxaydarov Janubiy Koreyaning  UNIST (Ulsan National Institute of Science and Technology) institutiga, Farrux Otanazarov Turkiya universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilinadi. Shuningdek, 10 sinf o‘quvchilari Manzilbek Qarlibayev hamda Beksulton Bozorbayev “Robo-Coding” olimpiadasining mamlakatimiz bosqichida  ikkinchi o‘rinni egalladi.  30-iyun Yoshlar kuni munosabati bilan 9 sinf o‘quvchisi  Sa’dullo Rizayev “Umid uchquni” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Tadbirda ota-onalar so‘zga chiqib, iqtidorli bolalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, yosh iste’dodlarni aniqlash, o‘sib kelayotgan avlodning intellektual imkoniyatlarini namoyon etishga ko‘rsatilayotgan e’tibor hamda g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Tadbir konsert dasturi hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi askarlarining ko‘rgazmali chiqishlari bilan davom etdi.

Prezident maktabida mashg‘ulotlar “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.