Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

– Oldimizda to‘rt yil vaqt bor. O‘ylaymanki,  sport federatsiyalari rahbarlari o‘zlariga xulosa qilib, Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan olimpiadaga munosib tayyorgarlik ko‘radilar, – dedi Prezident.

Bunga erishish uchun har bir olimpiya sport turini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shu maqsadda kelgusi to‘rt yilda sportchilarni tayyorlash bo‘yicha katta dasturlar qabul qilinadi.

Har bir yo‘nalishda sport meditsinasi, farmakologiyasi, diyetologiyasi, psixologiyasi va muhandisligi bo‘yicha chet eldan malakali mutaxassislar jalb etiladi.

Bu borada “Olimpiya shaharchasi”da musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulotlarni ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘tkazish bo‘yicha alohida tizim yaratiladi.

Bahodir Jalolov, Oksana Chusovitina maktablari kabi ixtisoslashgan sport muassasalari har bir hududda, har bir sport yo‘nalishi bo‘yicha tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, joylarda, ayniqsa, mahallalarda yangi-yangi iqtidorlarni kashf qilish, ularni manzilli seleksiya asosida xalqaro musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha ham alohida dastur joriy etiladi.

O‘zA