O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 19 apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketi va 1 ming 28 ta ko‘chmas mulk ob’ekti ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 12 ta yirik korxonadagi davlat ulushining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkazilishi belgilangan.
Mazkur qaror mazmun-mohiyatini tadbirkorlar va keng jamoatchilikka tushuntirish, uning targ‘ibot ishlarini jadallashtirish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot hamda Beruniy tumanlarida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari, jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari to‘g‘risida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlarda jami 350 nafardan ziyod tadbirkor va investorlar, mahalliy hokimliklar hamda yirik korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xususiylashtirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash yuzasidan keskin islohotlar amalga oshirilib, tadbirkorlar uchun bir qator yangilik va qulayliklar yaratilganligini ta’kidlab o‘tdi. Xususan davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlang‘ich bahosining 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytirilishi belgilandi. 2024 yil 1 yanvargacha ijara shartnomalari asosida ijaraga olganiga kamida 5 yil bo‘lgan va majburiyatlarni bajargan tadbirkorlarga xususiylashtirish dasturlariga kirgan davlat mulkini baholangan qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish huquqi berildi.
Davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘sh yer uchastkalariga nisbatan shahar va tuman hokimliklarining qarzdorliklari bo‘yicha taqiqlar tatbiq etilmaydi, ushbu yer uchastkalari auksion savdolarida sotilganda, xaridorlarga to‘siqlarsiz rasmiylashtirib beriladi. Ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib 4 va 5 toifalarga kiritilgan tumanlarda joylashgan davlat aktivlari hamda mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari bo‘yicha to‘lovlarni, miqdoridan qat’iy nazar, 5 yil ichida teng ulushlarda bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi.
Tadbir ishtirokchilariga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasida hududiy boshqarmasi tomonidan 2024 yilning o‘tgan davrida jami 73 ta davlat aktivi auksion savdolariga chiqarilgan bo‘lib, 77 ta davlat aktivi 45,1 milliard so‘m qiymatga sotilishi ta’minlangdi.Hozirgi kunda umumiy qiymati 77,2 milliard so‘m bo‘lgan 132 ta davlat aktivining savdosi davom etmoqda.
Tadbirlar yakunida ishtirokchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga tegishli javob berildi. Mahalliy tadbirkorlarning bir qator takliflari qabul qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.