17 avgust kuni 2024-2025 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari bo‘yicha tanlov natijalari e’lon qilindi.
Bunda yakuniy tanlov natijalari (mandat) bilan yurtimizning qator yoshlari talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning g‘amxo‘rligi va e’tibori natijasida qoraqalpog‘istonlik yoshlarga qator imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Shunday ekan, joriy yilda talabalar qatoridan o‘rin olmagan abituriyentlarda hali imkoniyat bor.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashovchi hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar uchun 2023-2024 o‘quv yilida davlat granti asosida qo‘shimcha 3 ming, to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha 6 ming 500 kvota ajratilgan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur farmon bilan joriy yilda ham qoraqalpog‘istonlik yoshlarga Nukus va Toshkent shaharlaridan tashqari viloyatlardagi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun qo‘shimcha kvotalar ajratilishi nazarda tutilmoqda. E’lon qilinayotgan mandat natijalari bo‘yicha talaba bo‘lganlardan tashqari yana 6 ming 500 nafar yosh oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.