Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Vengriyaning “4iG” kompaniyasi raisi Jaszai Gellert bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi.

Kompaniya raisi uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekistonning Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida erishgan ajoyib natijasi bilan tabrikladi.

O‘z navbatida, vazir davlatimiz rahbari tomonidan Olimpiada o‘yinlarida kuchli 15 talikka kirish maqsadi qo‘yilgani va bu yutuqlar shuning samarasi ekanini qo‘shimcha qildi.

Shundan so‘ng kompaniya vakillari tomonidan taqdimot o‘tkazilib, olib borayotgan ishlari, kelgusidagi rejalar haqida ma’lumotlar berildi. O‘zaro hamkorlik qilish uchun potensial imkoniyatlar yetarli darajada ekani qayd etildi.

O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasiga investitsiya va hamkorlik masalalari hamda uning IT va raqamlashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, IT Park rezidenti bo‘lish, soliq imtiyozlaridan foydalanish hamda kompaniya filialini yurtimizda tashkil etish bo‘yicha takliflar berildi.

N.Rahmonova, O‘zA