Senatning ellik beshinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining To‘liqsiz ish vaqti sharoitlarida ishlash to‘g‘risidagi 175-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1994 yil 24 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ushbu Konvensiya jahonning 20 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan. Konvensiyaning maqsadi to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlovchi ishchilarning mehnat sharoitlarini, ularni mehnatga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minot sohasidagi kamsitishdan himoya qilishni ta’minlashdir.

Konvensiya qoidalari to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlaydigan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Muhokama davomida to‘liqsiz ish vaqtida ishlaydiganlar to‘liq ish vaqtida ishlaydiganlar bilan bir xil haq-huquq hamda ijtimoiy himoyaga ega bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Senatorlar Konvensiya normalari O‘zbekiston qonunchiligiga, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsad va vazifalariga to‘liq mos kelishini qayd etdi.

Muhokama chog‘ida Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlovchi mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishga imkon berishi, mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga salmoqli turtki berishi ta’kidlandi.

Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mehnat sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirishga va xalqaro standartlarni samarali joriy etishni ta’minlashga xizmat qiladi, shuningdek, O‘zbekistonning xodimlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy xalqaro prinsiplar va standartlarga sodiqligini ko‘rsatadi.

N.Abduraimova,  

R.Nazarmatov (surat),

O‘zA