Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili sifatida yangi tayinlangan Akiko Fujiini bilan uchrashdi.

Uchrashuvda o‘tgan davr mobaynida BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan muhim chora-tadbirlarga alohida urg‘u berildi. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tuzilmalari joriy etildi. Davlat organlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi, korrupsiya xavf-xatarlarini baholash imkonini beruvchi “Ye-Anticor.uz” elektron platformasi ishlab chiqildi.

«O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash» nomli yirik hamkorlik loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya loyihasi ishlab chiqildi, Finlyandiya, Litvaning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralari bilan faol aloqalar yo‘lga qo‘yildi.

Kelgusida Korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy markaz, «Korrupsiyasiz soha loyiha ofisi»ni ishga tushirish, «Shaffof shaharlar» konsepsiyalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jurnalistlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish va ular ta’sirini yanada oshirish maqsadida bu yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan ilk Media forumda ham BMT Taraqqiyot dasturi agentlikning eng yaqin hamkorlaridan biri bo‘ladi.

Shuningdek, tomonlar Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalarini korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida ham birgalikdagi aniq va manzilli sa’y-harakatlarni belgilab olgan.

Akmal Burhonov ana shunday muhim maqsad va vazifalar ikki tomon o‘rtasidagi aloqalarni sifat va mazmun jihatdan yanada boyitib, rivojlantirishga xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘z navbatida, Akiko Fujii hamkorlikning salmoqli natijalariga alohida urg‘u berib, o‘zaro manfaatli aloqalarni kelgusida ham yangi sur’atlarda davom ettirish borasida taklif va mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Uchrashuvda hamkorlik aloqalarining yangi bosqichda davom ettirilishi qayd etildi.

N.Abduraimova, O‘zA