AQSH biznesi O‘zbekistonning o‘sib borayotgan bozoriga tobora chuqurroq kirishga intilmoqda. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati bergan ma’lumotga asoslanib, “Trend” nashri xabar berdi.

Amerikaning yetakchi tijorat kompaniyalari vakillari mamlakatimiz bilan hamkorlik qilish yuzasidan ko‘p bor savdo bo‘limiga murojaat qilgan: maqsad rivojlanayotgan bozorga mablag‘ kiritish va manfaatli hamkorlikka erishish.

Xabarnomada matbuot kotibining quyidagi so‘zlari iqtibos sifatida keltirilgan:

– Tovarlarimizni olib kirish tekshirish va sertifikatlashni talab qiladi. Bu jarayonni tezlashtirish qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini mahalliy iste’molchilarga yetkazishda yordam beradi. AQSHdan texnologiya, sanoat uskunasi va ishlab chiqarilgan mahsulot yetkazib beruvchilar davlat xaridi imkoniyatidan kelib chiqib, O‘zbekistondagi hamkorlar bilan ishlashga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Biz islohotlar dasturini amalga oshirish, jumladan iqtisodiy masalada ham yordam berishga tayyormiz. Keyingi yillarda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida mamlakatda sarmoyaviy muhit sezilarli darajada yaxshilandi. Navbatdagi ijobiy o‘zgarishlar O‘zbekistonga yanada ko‘proq sarmoya va texnikaviy tajriba olib kirishi mumkin. Umuman, biz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz hukumatlari tomonidan g‘arbga – Yevropaga nisbatan mintaqaviy aloqani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ko‘p tomonlama sa’y-harakatni olqishlaymiz va rag‘batlantiramiz. Bu jarayon yanada xavfsiz, barqaror va farovon mintaqa yaratishga yordam beradi.

AQSH kompaniyalari O‘zbekiston infratuzilmasiga investitsiya kiritish imkoniyatini ham faol o‘rganmoqda. Tahlillar o‘zini oqlasa, strategik loyihalarga qo‘l urilishi bildirilgan:

– Global infratuzilma bo‘yicha hamkorlik orqali AQSH hozir Trans Kaspiy xalqaro yo‘nalishidagi strategik g‘oyalarni hayotga tatbiq etish rejasini tuzmoqda. Ayni yo‘nalishda loyihalarga texnik yordam ko‘rsatish, hujjatlarni tayyorlash va moliyalashtirishga hissa qo‘shadigan infratuzilma investitsiyalari yo‘naltiriladigan sohalar aniqlanmoqda.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA