Saylov qonunchiligiga ko‘ra, partiya saylovdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlovchi kamida 40 ming nafar saylovchining imzosini to‘plashi zarur.
Saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli. Bu o‘z navbatida saylovda sog‘lom raqobat uchun sharoit yaratishga xizmat qiladi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillari ayni jarayonga mas’uliyat bilan qaramoqda. Bunda asosan faol a’zolar, boshlang‘ich partiya tashkilotlari vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, “Ayollar qanoti” va “Yoshlar qanoti” hamda partiyaning g‘oya va maqsadlariga xayrixoh bo‘lgan yurtdoshlarimiz mahallalarda, ishlab chiqarish korxonalari bilan tashkilotlarida bo‘lib, aholiga saylovning dastlabki bosqichi – imzo to‘plash tadbiri haqida ma’lumot bermoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida tashkil etilgan imzo yig‘ish jarayonida 70 nafardan ortiq partiya a’zosi, mahalla vakillari va yoshlar mazkur partiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etishini qo‘llab imzo chekishdi. Ularning ta’kidlashicha, bugungi islohotlar, yangilanish va hayotimizni yaxshilayotgan dolzarb o‘zgarishlar davrida hech kim chetda turmasligi kerak.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.