Davlatimiz rahbarining Orolbo‘yi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratayotgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida bugungi kunda keng ko‘lamli qurilish hamda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

– 2024 yil Investitsiya dasturi doirasida 61 ta ijtimoiy soha va boshqa ob’ektlar qurilishi belgilangan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Azimjon Qurbonbayev. – Shundan, 6 ta sog‘liqni saqlash, 35 ta umumta’lim maktabi, 8 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 4 ta sport va 8 ta boshqa ob’ektlardir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ajratilgan jami 1 trillion 141 milliard so‘mning 47 foizi moliyalashtirilgan bo‘lib, shundan bugungi kunga qadar 149,3 milliard  so‘mlik ishlar hajmi bajarilgan. Qurilish-ta’mirlash ishlari limitga nisbatan o‘zlashtirish 57 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, 35 ta umumta’lim maktabi ob’ekti, 8 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti moliyalashtirilib, bugungi kunda ushbu ob’ektlarda qurilish montaj ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 apreldagi “2024 yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bo‘yicha qabul qilingan Dastur doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Nukus shahri va 15 ta  tumanda jami 4 ming 336 kvartiralik 114 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi quruvchilari o‘zlarining kasb hamda mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramini munosib kutib olmoqda. Ayniqsa, eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida shahar va tumanlar markazlarida, chekka hududlarda zamonaviy turar-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari qad rostlamoqda.

Prezidentimizning mamlakatimiz quruvchilariga yo‘llagan bayram tabrigidan ruhlangan soha vakillari yanada kuch-g‘ayrat va shijoat bilan mehnat qilishga bel bog‘lashgan.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.