Joriy yilning 27-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va tuman(shahar) Kengashlari deputatlari saylovi bo‘lib o‘tishi munosabati bilan partiyaning saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar imzosini to‘plash ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi Nukus shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada imzo to‘plash tadbir ham saylovchilarning faolligi yuqori darajada ekanidan dalolat berdi. O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda faollar, deputatlar, tibbiyot birlashmasi mutaxassislari, boshlang‘ich partiya tashkiloti, shuningdek, “Ayollar qanoti”, “Yosh adolatchilar qanoti” a’zolari hamda fuqarolar faol ishtirok etdi.

– Partiyani qo‘llab-quvvatlash uchun imzo yig‘ish jarayoni bo‘layotganini eshitib keldim. Chunki bu partiyaga mehrim bo‘lakcha, – deydi tibbiyot birlashmasi shifokori Bahorgul Dauletova. – Partiyaning maqsad va vazifalari haqida uning Nukus ona va bola skrining markazida olib borgan o‘rganish ishlarida yaqindan tanishdim, Shundan xotin-qizlar o‘rtasida onkologik kasalliklarning oldini olish, bemor bolalarga yordam berish maqsadida o‘tkazilayotgan “Bor mehrimiz senga, bolajon!” loyihasi e’tiborimni tortdi. Partiyaning tibbiyot sohasida olib borayotgan faoliyatini yanada yuqori bosqichga olib chiqish maqsadida uning bo‘lajak saylovlarda ishtirok etishi uchun o‘z xohishim  bilan imzo qo‘ydim.

Imzo to‘plash jarayonida 100 nafardan ziyod saylovchi ishtirok etgan bo‘lib, ular orasida bu yil saylovda ilk bor ishtirok etadigan yoshlar ham bor.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri.