“Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bojxona boshqarmasi vakillari hamda eksportchi korxona rahbarlari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar ishtirokchilariga joriy yilning 1-aprel kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati va unda belgilangan imtiyozlar tushuntirildi.

Ta’kidlanganidek, kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida 2024 yilda yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, saralash, quritish, qayta ishlash hamda ularni eksport qilish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan jami 1,5 trillion so‘mgacha bo‘lgan miqdorda kredit resurslari yo‘naltiriladi.

Shuningdek, mahalliy mahsulotlar stendlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ixtisoslashgan nufuzli xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda jozibador lokatsiyalarda joylashtirish uchun ariza kiritish va Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga amalda ajratilgan mablag‘lar hisobidan oldindan 100 foiz to‘lab berish tartibi joriy qilinadi. Bunda, ko‘rgazma va yarmarka tadbirlarida ishtirok etish xarajatlari uchun tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingidagi toifasiga mutanosib ravishda subsidiyalar ajratiladi.

– Ushbu yaratilgan imtiyozlar biz uchun katta imkoniyatdir, – deydi “Islambek-Dauletbay” MCHJ direktori D.Smetov. – Bugun dunyo bozorida quyoshli O‘zbekistonimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir paytda, fitosanitar toza mahsulotlar yetishtirib, ko‘proq eksport qilishni rejalashtirganmiz.

Tadbir davomida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri